So‘nggi yillarda yurtimizda meva-sabzavot mahsulotlarining eksport hajmi 1,4 million tonnadan oshib, 2016 yilga nisbatan 1,5 barobarga o‘sishga erishildi.

Foto: Google

Jahon bozorida mahsulotlarga qo‘yilgan sifat va xavfsizlik talablarining tobora kuchayib borishi, yurtimizda yetishtirilayotgan mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi o‘rnini mustahkamlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishni talab qilmoqda.

Organik qishloq xo‘jaligi — jahon trendi hisoblanadi. 2019 yilda organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha xalqaro bozorlardagi savdo aylanmasi 96,7 milliard yevroni tashkil etib, 71,5 million gektar maydonda 2,8 million ishlab chiqaruvchi ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullangan.

Ekspertlarning fikricha, dunyo organik mahsulotlari bozorida so‘nggi besh yilda yiliga o‘rtacha 15 foizdan o‘sishga erishilib, 2022-yilda savdo aylanmasi 212 milliard dollarni tashkil etishi taxmin qilinmoqda.

“O‘zstandart” agentligi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi salohiyatini yanada oshirish maqsadida xalqaro standartlarni sohaga keng joriy etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Organik qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari institutining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning 103 ta mamlakatida organik qishloq xo‘jaligi to‘g‘risida qonun qabul qilingan bo‘lib, 6 ta mamlakatda qonun ishlab chiqilmoqda, – deydi “O‘zstandart” agentligi matbuot kotibi Abdurauf Rasulov. – Organik qishloq xo‘jaligi harakati bo‘yicha xalqaro federatsiyaning Jahon organik qishloq xo‘jaligi statistikasi bo‘yicha 2019 yilda O‘zbekiston meva yetishtirish bo‘yicha qulay sharoitga ega bo‘lgan dunyodagi 10 ta davlat qatoriga kiritilgan va organik meva ishlab chiqarish uchun qulay yer maydonlariga ega ekanligi qayd etilgan.

Qulay sharoit va imkoniyatlar mavjudligiga qaramasdan, yurtimizda organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga yetarli e’tibor berilmayotganligi nafaqat atrof-muhitga, insonlar salomatligiga, yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarishga, balki hududlarning eksport salohiyatini oshirish va geografiyasini kengaytirishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yurtimizda Organic va Global G.A.P. xalqaro standartlari talablariga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish, tartibga solish va muvofiqlashtirish tizimlarini rivojlantirish, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash, eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida jahon mamlakatlari standartlarini qabul qilishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Hozirda agrar tarmoqqa tegishli 1276 ta standart amalga kiritilgan. Bularning 309 tasi xalqaro va 6 tasi xorijiy davlatlarning standartlaridan iborat. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga tegishli yetmishga yaqin OON standartlari qabul qilindi.

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining qo‘shimcha qiymat zanjirini tashkil etishda ishtirok etuvchi barcha korxona va tashkilotlar faoliyatlarida bajariladigan jarayonlarga ISO 28,000 seriyasiga kiruvchi 10 ta xalqaro standartni joriy etish maqsadida ularni qabul qilish ishlari yakunlanmoqda.

2020-yilda yurtimizda 164 ta, shundan 155 tasi Global G.A.P., 9 ta Organic eksportyor korxonalarga «Global G.A.P.» va «Organic» standartlarini joriy etish va sertifikatlashtirish bo‘yicha reja tasdiqlandi. Hozirda 10 ta sertifikat taqdim etilgan bo‘lib, 135 ta korxonadan zarur hujjatlar olingan.

Agentlik tizimidagi “UzTest” sinov laboratoriyalari Jahon banki krediti asosida modernizatsiya qilinmoqda. Kredit mablag‘larini o‘zlashtirish natijasida Respublika markazi qoshida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xalqaro standartlar talablariga muvofiq sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini aniqlash imkoniyati yaratiladi. Buxoro va Namangan markazlari qoshida yangi yo‘nalishdagi mahsulotlar tarkibidagi GMO miqdorini aniqlash laboratoriyasi tashkil etiladi.