Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrifi davomida Moskva shahrining Aleksandr bogʼidagi “Nomaʼlum askar” yodgorligiga gul qoʼydi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Umumbashariy ahamiyatga ega ushbu majmua Ikkinchi jahon urushi o‘choqlarida Vatan himoyasi yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan turli millatga mansub millionlab askarlar, shu jumladan o‘zbek o‘g‘lonlarining ham unutilmas xotirasi uchun bunyod etilgan. “Isming noma’lum, jasorating barhayot” yozuvi bitilgan mazkur yodgorlik ajdodlarning ko‘rsatgan qahramonligi va jasoratining ramziy ifodasidir.

Ikkinchi jahon urushi O‘zbekiston sarhadlaridan olisda kechgan bo‘lsa-da, uning suronli ta’siri, iztiroblari hech bir o‘zbek xonadonini chetlab o‘tgan emas. Xalqimiz fashizm ustidan erishilgan g‘alabani ta’minlashga buyuk hissa qo‘shgan. Respublikamizdan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilib, 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Urush o‘chog‘iga aylangan o‘lkalardan yurtimizga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingan. Saxovatli va tanti elimiz ularga o‘z uyidan joy berib, so‘nggi burda nonini ham baham ko‘rgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev insoniyat tinchligi uchun jon fido qilgan vatanparvar insonlarning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

1966-1967 yillarda barpo etilgan mazkur majmuada abadiy olov alangalanib turadi. Unga Rossiya Federatsiyasining madaniy merosi obyekti maqomi berilgan.