O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahriga tashrifi dasturining birinchi tadbiri o‘laroq oliy darajadagi muzokaralar bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kremlda davlatimiz rahbarini Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi.

Suhbat chog‘ida strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Prezidentining Rossiyaga davlat tashrifi bilan kelishi aynan shu kunlarga rejalashtirilgan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi ushbu rejalarni o‘zgartirib yubordi, tadbir boshqa muddatga ko‘chirildi.

Uchrashuv boshida Rossiya Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Buyuk G‘alabaga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etish taklifini qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Vladimir Putin mamlakatimiz Qurolli Kuchlari vakillari mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor ertaga, 24-iyun kuni Qizil maydonda bo‘lib o‘tadigan paradda ishtirok etishi haqida so‘z yuritar ekan, “bu o‘ziga xos ittifoqchilik munosabatlarimizning yaqqol namoyishi” ekanini ta’kidladi.

Rossiya Prezidenti, shuningdek, O‘zbekiston xalqi G‘alabaga ulkan hissa qo‘shganini, yurtdoshlarimiz front ortida fidokorona mehnat qilganini, elimiz evakuasiya qilinganlarni bag‘rikenglik bilan qabul qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Toshkent shahrida G‘alaba bog‘i tashkil etilgani alohida ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari, o‘z navbatida, Vladimir Putin va butun Rossiya xalqini ulug‘ ayyom bilan tabrikladi. “Bu – bizning umumiy tariximiz, umumiy g‘alabamiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Toshkentdagi G‘alaba bog‘ining Yodgorlik majmuasi fondini boyitish, shuningdek, O‘zbekiston xalqining G‘alabaga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida yanada haqqoniy statistik ma’lumotlarni olish maqsadida arxiv materiallarini taqdim etishga tayyorlik namoyish etgani uchun Rossiya tomoniga minnatdorlik bildirildi.