23-iyun, seshanba kuni Qashqadaryo viloyat hokimi Zoir Mirzayev viloyat maktab, kollej va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga murojaat qildi. Murojaat Facebook’dagi “Qarshim – Faxrim” guruhi orqali jonli efirda uzatildi. Bu haqda hokimlik axborot xizmati xabar qilmoqda.

Foto: Qashqadaryo

Murojaatda Zoir Mirzayev barcha bo‘g‘indagi rahbarlarga yoshlarni, xususan maktab, kollej va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash asosiy vazifa qilib belgilab berilgani va mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan rejalarini xalqqa yetkazishini ta’kidlab o‘tdi.

Ma’lum qilinishicha, viloyat aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil etib, shundan, 18-30 yoshdagilar 391,785 nafarga yetgan. “18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan 26,481 nafar yoshlarning ishsiz ekanligi aniqlanib ro‘yxati tuzildi. Yil boshidan hozirgacha amalga oshirilgan ishlarimiz natijasida, ishsiz yoshlarning 13,536 nafar (51,2%) yoshlar  ish joyiga ega bo‘ldi”, – dedi viloyat hokimi.

Yoshlarning 844 nafariga 30 milliard 513 million so‘m bank kreditlari ajratildi. Shundan  786 nafariga “Yoshlar kelajagimiz”  va “Har bir oila tadbirkor” dasturlari doirasida  25 milliard 203 million so‘m kredit ajratildi.

Shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida 1729 nafar yoshlarga 1548,31 gektar yer maydoni ajratib berildi.

Qashqadaryoda 2019-2020 o‘quv yilida umumta’lim maktablarini jami 47,680 yoshlar bitirdilar. Ularning 313 nafari (2019-yilida 281 nafar) kumush, 409 nafari (2019-yilida 205 nafar) oltin medallar bilan bitirdilar.

Viloyatda “O‘zini o‘zi band qilish” loyihasi doirasida 3854 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Buning uchun xizmat ko‘rsatish faoliyati turlari 24 tadan 67 taga yetkazildi.

“Viloyatimizda yangidan qurilyotgan 122 ta ob’yektlar, 5982 ta yangi loyihalarni ishga tushirish, 715 ta faoliyat ko‘rsatmayotgan sub’yektlarni tiklash natijasida 6066 ta ish o‘rni va 20,468 ta mavsumiy ishlarga jalb etiladi. Hozirgi kunda viloyatda 50 ga yaqin yo‘nalishda jami 4696 ta bo‘sh ish o‘rinlari onlayn tarzida e’lon qilindi. Bugungi kunda ma’lumot talab qilmaydigan yoshlarimiz uchun 1748 ta bo‘sh ish joylarimiz bor”, – deya ma’lum qildi Zoir Toirovich.

Ushbu murojaat viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan ilk marotaba jonli efirda uzatilgani bilan ahamiyatli.