Jahon banki guruhining tarkibiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) “Ipoteka-banki”ning xususiylashtirilishini qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni kreditlash ko‘lamini kengaytirish uchun 35 mln. AQSh dollari ekvivalentida, milliy valyutadagi zayomni taqdim etadi. Bu haqda Moliya vazirligining matbuot kotibi xabar berdi.

Foto: Moliya vazirligining matbot xizmati

Unga ko‘ra, ushbu sarmoya IFC ning O‘zbekistondagi xususiylashtirish dasturini qo‘llab-quvvatlash va davlat banklari soni ko‘p bo‘lgan mamlakatning bank sektoriga xususiy investitsiyalarni jalb qilishdagi strategik ustuvor yo‘nalishlardan birini aks ettiradi.

Kichik va o‘rta biznesni kreditlash hajmini oshirish bilan bir qatorda, “Ipoteka-banki”ning qayta transformatsiyasi boshqa davlat banklarini xususiylashtirish uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi va xususiy investorlarni O‘zbekiston bank sektoriga faol jalb qilishda xizmat qiladi, deya ta’kidlanadi xabarda.

“O‘zbekiston va IFC o‘rtasidagi ushbu hamkorlik yaqinda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan bank tizimini isloh qilish strategiyasiga ham muvofiq IFC tomonidan taqdim qilinayotgan moliyalashtirish, o‘tgan uch yil davomida „Ipoteka-banki“ tomonidan olib borilgan, bank operatsiyalarini tijoratlashtirish va uni mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatadigan moliyaviy institutga aylantirishga qaratilgan choralarning muhim e’tirofidir”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov.

Xabarda ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda davlat banklarining O‘zbekiston bank sektorida konsentratsiyasi yuqori. Mamlakatdagi 30 ta bankning beshtasi to‘liq davlatga tegishli, qolgan sakkizta bankda esa davlatning 50 foiz ulushi mavjud.

“IFC ning moliyalashtirishi hamda so‘nggi yillar mobaynida taqdim etilgan maslahat xizmatlari bilan bir qatorda, islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonning moliyaviy sektorda xususiy sektor ishtirokini oshirish bo‘yicha harakatlarining bir qismidir. Investitsiyalar “Ipoteka-banki”ga xususiy sektorni kapitalga jalb qilish va mamlakatdagi kichik va o‘rta biznesni kreditlashni kengaytirishga qaratilgan rejani samarali amalga oshirishda yordam beradi”, — deya ta’kidladi IFC ning Yevropa, Markaziy Osiyo, Lotin Amerikasi va Karib havzasi bo‘yicha vitse-prezidenti Jorjina Beyker.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi vaqtda Xalqaro moliya korporatsiyasining O‘zbekistondagi investitsiya portfeli 53 mln dollarni tashkil etadi, hamda moliya va to‘qimachilik sohasidagi loyihalarni o‘z ichiga oladi. Tashkilotning maslahat dasturlari davlat korxonalarini, shu jumladan ikkita davlat banklarini xususiylashtirishda; paxta sohasini isloh qilish; moliya bozorini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish; sog‘liqni saqlash va energetika sohalarida davlat va xususiy sheriklik aloqalarini amalga oshirishda yordam berishi aytildi.