O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Foto: Google

Qaror bilan, “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi tashkil etildi.

Uyushma tuzilmasida tizimli muammolarni bartaraf etish, marketing innovatsiyalarini faol joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda tarmoqni rivojlantirishning istiqbolli va ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashni taʼminlovchi maslahat organi — Paxta-to‘qimachilik klasterlari kengashi ham tuziladi.

Shuningdek:

  • paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini hamda ular tomonidan loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, davlat organlari va tashkilotlari hamda xo‘jalik birlashmalari bilan o‘zaro samarali hamkorlikni tashkil etish;
  • paxta-to‘qimachilik klasterlarini hududlar salohiyatining rivojlanish istiqbollaridan, xomashyo bazasi, mavjud infratuzilma, mehnat resurslari va bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda joylashtirishga ko‘maklashish;
  • paxta xomashyosini yetishtirish jarayoniga ilg‘or agrotexnologiyalar hamda resurslarni tejaydigan texnika va texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishning shaffof mexanizmini yaratish;
  • yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish, paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini kengaytirish hamda mazkur jarayonlarga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish;
  • paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini rivojlantirish uchun unifikatsiyalangan imtiyoz va preferensiyalar ko‘llash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabilar uyushmaning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Bundan tashqari:

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan samarali foydalanish, paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni takomillashtirish maqsadida paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini baholash tizimi joriy etiladi. Ularning faoliyati idoralararo komissiya hamda hududiy ishchi guruhlar tomonidan baholanishi belgilandi.

Qaror bilan, shuningdek:

  • paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini baholash bo‘yicha idoralararo komissiya tarkibi;
  • paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini baholash bo‘yicha hududiy ishchi guruhning namunaviy tarkibi ham tasdiqlandi.