Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev jinoyatchi Aziz Batukayevni pora evaziga qamoqdan chiqargan deb topilib 11 yil-u 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilindi.

Foto: TASS

“Sud Atambayevni aybdor deb topdi va 11 yil-u 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini belgiladi. Uning davlat mukofotlari va mol-mulki musodara qilinadi”, – deya ayblovni o‘qib eshittirgan Bishkekning Birinchi may tuman sudi sudyasi.

Prokuror sobiq prezidentga 15 yillik qamoq jazosi va mol-mulkini musodara qilishni so‘ragan edi.

Atambayev sudda oxirgi so‘zni aytishdan bosh tortgan. U bilan birga ayblanayotganlardan hech biri aybini bo‘yniga olmagan.

O‘tgan yilning 8-avgustida Atamboyev Qo‘y-Toshdagi uyida Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlari o‘tkazgan operatsiya doirasida qo‘lga olingan edi.