Avval xabar qilganimizdek, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazoratini ta’minlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilandi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati

Supermarket va boshqa yirik do‘konlarda sanitariya-epidemiologik nazorat kuchaytirilmoqda, ushbu obyektlarning kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37*S va undan yuqori bo‘lgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda ushbu majmualarga kiritmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda bo‘lish talablari belgilanmoqda.

So‘nggi haftalarda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining yengil shakllari yoki kasallik alomatlarsiz o‘tish holatlari ko‘payganligini inobatga olib, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bu boradagi tavsiyalarini e’tiborga olgan holda fuqarolarning sog‘lig‘ini himoya qilish
va xavfsizligini ta’minlash maqsadida supermarket va boshqa yirik do‘konlarga kirishda ularni bepul qo‘lqop bilan ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan, 2020-yil 8-iyundan boshlab “sariq” va “yashil” hududlarda jamoat transportida shahar (tuman) va shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha avtobus harakatlariga ruxsat berilgan edi (damas, mikroavtobus va metropoliten faoliyati bundan mustasno).

Biroq, bu boradagi monitoring natijalari avtobus salonida ijtimoiy masofani saqlash bilan bog‘liq karantin talablarini buzib, tirbandlik hosil qilgan holda yo‘lovchi tashish holatlari uchrayotganligini ko‘rsatmoqda. Bu esa, aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat sifatida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Transport vazirligiga avtobus reyslarida tirbandlikka yo‘l qo‘ymaslik hamda boshqa sanitariya-epidemiologiya talablariga qat’iy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.