Chernogoriyada, 22-iyun holatiga ko‘ra, koronavirusni yuqtirganlar soni 38 nafarga yetdi. “Koronavirusdan xoli mamlakat” maqomini saqlab turish uchun Chernogoriyaga bir oy ham ko‘plik qildi.

Foto: Sputnik

Mamlakatdagi klinik markaz bosh shifokori Yevto Erakovich 9 nafar bemor kasalxonalarga yotqizilgani, bir nafar og‘ir ahvoldagi bemor o‘pkani sun’iy ventilyasiyalash qurilmasiga ulab qo‘yilganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun: mamlakatda epidemiya boshlanganidan beri 362 ta holat qayd etilib, 9 nafari virus qurboniga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, Chernogoriya koronavirusni yengganini mamlakat prezidenti Milo Jukanovich 25-may kuni e’lon qilgan va 2-iyun kuni mamlakatda epidemiya tugagani rasman e’tirof etilgan edi. Biroq chegaralar ochilganidan keyin mamlakatga odamlar bilan birga virus ham kirib kelishni boshlagan.