Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Fransiya Respublikalari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-gumanitar, taʼlim va turizm sohalardagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari haqida soʻz yuritildi.

Jahongir Ortiqxoʻjayev poytaxtimizda xizmat koʻrsatish sohalarini jadal rivojlantirish muhimligiga eʼtibor qaratib. 2019-yilning oʻzida 100 ga yaqin katta-kichik mehmonxonalar, mehmon uylari tashkil qilinganligini aytib oʻtdi. Shuningdek, oxirgi 2 yilda turli tillarni oʻqitishga yoʻnaltirilgan qariyb 500 ta oʻquv markazi ochilganini maʼlum qildi.

Mehmonxona xoʻjaligi, restoran yuritish va pazandalik borasida yuqori malaka va yutuqlarga ega Fransiya tajribasi Toshkentda xizmat koʻrsatish sohasini yangi va yuqori sifat bosqichiga olib chiqishda ahamiyatli boʻlishini eʼtirof etib oʻtdi. Shundan kelib chiqib, shahrimizda “Le Kordon Blyu” mehmonxona servisi va kulinariya oliy maktabi bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish niyati borligini aytdi.

Filipp Rosheron Oʻzbekiston iqtisodiyotida va turli sohalarda yuksalish kuzatilayotganini eʼtirof etdi. Aynan ularning oliy maktabi bitiruvchilari orasida toshkentlik Diyora Karimova boʻlganligini, bu qiz oʻqishni tugatib qaytgach, poytaxtda ikkita va Rossiyada 1 ta kafe ochib, biznesni muvaffaqiyatli yuritayotganligini maʼlum qildi hamda Oʻzbekiston va Toshkentda bunday yoshlar koʻp ekanligiga ishonch bildirdi.

Hozirda dunyoning 20 ta davlatida 125-yillik tarixga ega “Le Kordon Blyu” mehmonxona servisi va kulinariya oliy maktabi bilan hamkorlikda institutlar ochilganligi va ularda asosan texnik(oshxonada ishlash, novvoylik, qandolatchilik), ishbilarmonlik, mehmonxona biznesi va jamoa boshqaruvi kabi yoʻnalishlarda mutaxassislar tayyorlanishini, taʼlim magistrlar uchun 1 yillik, bakalavrlarga 3 yillik dasturlarda olib borilishini aytib oʻtdi.

Toshkent shahar hokimi mazkur oliy maktab bilan xizmat koʻrsatish sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash va kelgusida “Le Kordon Blyu” oliy maktabining filialini Toshkentda ochish yuzasidan muzokaralarga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda Fransiya elchixonasining taʼlim hamkorligi boʻyicha attashesi Sofi Jindt ham ishtirok etib, Fransiyadagi oliy taʼlim dargohlarida oʻzbekistonlik talabalar uchun muntazam grantlar ajratilishi va har yili turli mutaxassisliklar boʻyicha oʻqiyotgan yoshlar bu imkoniyatlardan unumli foydalanayotganligini taʼkidladi. Shuningdek, poytaxt hokimligi bilan elchixonaning koʻcha teatrini rivojlantirish loyihasini birgalikda amalga oshirish taklifini bildirdi.