Foto: Xalq so’zi

Qarorga muvofiq, aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sugʻurta tashkilotlari va yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar:

– 2021-yil 1-yanvardan boshlab, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etadi va 2021-yil yakunlaridan boshlab moliyaviy hisobotni MHXS asosida tayyorlaydi, (qonun hujjatlarida MHXSga oʻtishning ertaroq muddatlari nazarda tutilgan yuridik shaxslar bundan mustasno);

– 2021-yil yakuniga qadar “MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi toʻgʻrisidagi hujjatga yoki xalqaro buxgalter sertifikatiga ega kamida 3 ta buxgalteriya xizmati xodimlari faoliyatini taʼminlaydi.

Qarorga koʻra, moliyaviy hisobotni ixtiyoriy ravishda MHXSga muvofiq tayyorlaydigan tadbirkorlar buxgalteriya hisobining milliy standartlari boʻyicha moliyaviy hisobot taqdim etishdan ozod etiladi.

Moliya vazirligi MHXSni joriy etish boʻyicha vakolatli organ etib belgilandi va unga qator funksiyalar yuklatildi.

2021-yildan boshlab, MHXS va auditning xalqaro standartlari boʻyicha oʻqitish faqat buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotning akkreditatsiyasidan oʻtgan oʻquv markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Xalqaro buxgalter sertifikatiga ega boʻlgan talabgorlar OTMlar magistraturasining “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” mutaxassisliklariga kirish imtihonlarini topshirmasdan toʻlov-kontrakt asosida kirish huquqiga ega boʻldi.

Xalqaro buxgalter sertifikati – “Sertifikatlangan xalqaro professional buxgalter (CIPA)”, “Sertifikatlangan diplomli buxgalter (CPA)”, “Sertifikatlangan jamoatchi buxgalter (CPA)” va “Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR)” sertifikatlaridan biri.