Qozog‘iston va Lyuksemburg, Rossiya va Buyuk Britaniya – bu mamlakatlar aholisi o‘z oylik maoshlariga ko‘proq tabiiy gaz sotib olish imkoniga ega. Bu haqda RIA Reyting ekspertlari ma’lum qildi. Moldova, Bolgariya va Serbiya fuqarolari esa ularga qaraganda kamroq xarid quvvatiga ega.  

Foto: Google

2019-yilda gaz bozori konyunkturasining ahvoli birdaniga yomonlashib qoldi. Niderlandiya TTF birja maydonidagi yillik o‘rtacha narx 43,6 foizga qisqardi, ya’ni ming kub metri 160 dollarga baholangan bo‘lsa, yil oxiriga kelib taxminan 140 dollarga tushdi. 2020-yilda vaziyat o‘nglanmadi – narx tushishda davom etdi, hatto tushish tezligi ortib ham ketdi va may oyida 40 dollardan ham past baholandi.  

Yevropa iste’mol bozorida vaziyat bir xil emas. Ayrim mamlakatlar aholisi uchun garchi birja narxlari tushib ketgan bo‘lsa ham, to‘lov narxlari oshirildi. Bu holatni birjadagi narx va bozordagi chakana narx belgilash mexanizmlari turlicha ishlashi bilan izohlash mumkin. Bundan tashqari, yakuniy iste’molchi uchun gazning mavjudligi nafaqat uning narxi bilan, balki fuqarolarning daromad darajasi bilan ham belgilanadi. RIA Novosti buyurtmasiga asosan “Zangori olov”ning aholiga yetib borishini baholash maqsadida RIA Reyting  tahlilchilari 2019-yilning oxiridan 2020-yil boshigacha turli mamlakatlar aholisi o‘zlarining o‘rtacha ish haqiga sotib oladigan gaz miqdorini hisoblab chiqdi.  

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, reytingda keltirilgan mavjud gaz hajmi va bahosi aholining o‘rtacha yashash sharoitlari va taqqoslash maqsadida rasmiy tariflardan, statistik ma’lumotlardan kelib chiqqan. Shuning uchun, har bir aniq holat daromad hajmiga, mamlakat ichidagi yashash joyiga, oilaning gaz iste’moliga, gaz plitalari soni kabi bir qator omillarga qarab farq qilishi mumkin. 

Aholisining gaz ta’minoti bo‘yicha birinchi o‘rinda Qozog‘iston kelmoqda. U yerda yashovchi o‘zining o‘rtacha oylik maoshidan oyiga 8,8 ming  kubometr gaz xarid qila oladi. Bu mamlakatda maoshlar uncha baland emas. Ammo qarab chiqilgan mamlakatlar orasida gazga qo‘yilgan narx eng past: tabiiy gazning ming kubometri 44,7 dollar turadi. Ikkinchi o‘rinni Lyuksemburg egallagan – 8,3 ming kubometr. Bu mamlakatda gaz aholi uchun Qozog‘istondagiga qaraganda 10 baravar qimmat:  ming kubometri 467,8 dollar turadi. Eng qimmat gaz Yevropada ekan. Ammo aholisining daromadi ham eng yuqorilardan. Istaganlaricha sotib olishlari mumkin. 3-o‘rinda – arzon gazli yana bir davlat – Rossiya   (ming kubometri 87,9 dollar). Rossiyaliklar o‘rtacha maoshlari hisobidan 6,5 ming kubmetr gaz xarid qila olishadi. Ro‘yxat  rivojlangan g‘arbiy Yevropa davlatlari bilan davom etgan. Ularda maosh ham yuqori, gaz ham qimmat.   

Eng qimmat gaz – Shvetsiyada
Eng arzon gaz, yuqorida aytib o‘tilganidek, Qozog‘istonda. Ikkinchi o‘rinda turgan Rossiya gazidan deyarli ikki barobar arzon. Rossiyaliklar kubometriga 6,3 rubl to‘laydi. Uchinchi o‘rinda Belarus turibdi. U aholisiga gazni 9,6 rubldan sotadi. Gazining arzonligi bilan birinchi 5talikka kiruvchilar orasida Ukraina va Turkiya ham bor. Shvetsiya aholisi gazni qimmat narxda oladi. “Zangori olov”ning narxi Rossiyanikiga qaraganda deyarli 16, Belorusnikiga qaraganda esa deyarli 10 baravar qimmat. Biroq Shvetsiya muqobil energiyadan imkon qadar ko‘proq foydalanishga intilyapti, shuning uchun bu mamlakatda tabiiy gazdan juda kam foydalaniladi. Gazga belgilangan narxning qimmatligi bo‘yicha  Ispaniya, Niderlandiya va Italiya ham yetakchilardan. Ularda gaz narxi Rossiyadagi narxdan deyarli 12 baravar yuqori. Gaz narxi baland bo‘lgan aksariyat mamlakatlar ko‘proq “yashil” energiyadan foydalanishga ahamiyat qaratishmoqda.

Bu yil uchun prognoz 
RIA Reyting ekspertlarining fikricha, 2020-yilda Yevropada gazga talab 2019-yildagiga qaraganda bir muncha past bo‘ladi. Bunda iqtisodiy inqiroz, yetkazib beruvchilar o‘rtasidagi juda katta raqobat va gazomborlarining yuqori darajada to‘lib turganligi sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Yevropa birjalarida yil yakunida o‘rtacha yillik narx ming kubometriga 70 dollar atrofida bo‘lishi mumkin va bu eng past baho bo‘ladi, deb taxmin qilinmoqda. 

Biroq oldingi davrlarning natijalariga asoslanilsa, iste’mol bozorida narxning proporsional darajada tushib borishini kutmaslik lozim, arzimaydi. Ayrim mamlakatlarda narx birjalardagiga qaraganda ham tushib ketadi. Ko‘pchilik mamlakatlarda esa baholar oldingi darajada turadi yoki arzimas foizlarda ko‘tarilishi mumkin.