O‘zbekistondagi masjidlar soni yana bittaga ko‘paydi. Surxondaryo viloyatining olis Muzrabot tumanida “Do‘stmuhammad bobo” jome masjidi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda O’zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qildi.

Foto: O’zbekiston musulmonlari idorasi

Shu kunlarda xalqimizning dilini biroz xira qilgan virus sabab ko‘pchilik qatorida muzrabotliklar ham taskinga, xushxabarga mushtoq edilar. Alloh taoloning inoyati ila 8-iyundan diniy tashkilotlar faoliyatiga qayta ruxsat berilishi arafasida, joriy yilning 5 iyun’ kuni, Muzrabot tumanida yangi masjidga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida adliya boshqarmasidan guvohnoma taqdim etildi.

180 mingga yaqin aholiga ega Muzrabot tumanida shu kunga qadar 1 ta masjid faoliyat yuritar edi. U ham bo‘lsa tuman markazidan salkam 20 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, aholining ko‘p qismi jamoat namozlarini ado etish uchun uzoq masofada joylashgan masjidga qatnar edi. Bu, albatta ko‘pchilikka qiyinchilik tug‘dirar, ayniqsa keksalar uchun mushkul holat bo‘lib, “tumanimiz markazida ham bir masjid bo‘lsa edi”, deya ezgu niyat bilan yashardi.

Foto: O’zbekiston musulmonlari idorasi

Nihoyat bu borada qilingan sa’y-harakatlar, urinishlar natija berdi. Aholining murojaatlari inobatga olinib, mahalliy hokimlik tomonidan masjid qurilishi uchun “Yangi hayot” mahallasi hududidan yer ajratildi.

O‘tgan ikki yarim yildan ziyod vaqt davomida, xalq hashari yo‘li bilan bu joyda zamon talablariga javob beradigan, namozxonlar uchun qulay sharoitlarga ega, 1500 kishilik sig‘imli jome masjid bunyod etildi. Masjidga mamlakatimizdagi ko‘plab qorilarning, xususan, Surxondaryo va Qashqadaryo vohasidagi minglab tolibi ilmlarning tabarruk ustozi bo‘lgan vohalik olim, marhum Do‘stmuhammad ohun domlaning nomi qo‘yildi.

Xonaqoh yonida zamonaviy shaklda tahoratxona bunyod etilgan.

Foto: O’zbekiston musulmonlari idorasi

Masjid hovlisiga tutash qilib, bog‘ va gulzor hamda avtoturargoh bunyod etilgan.

Shu bilan O‘zbekistondagi masjidlar soni 2068 taga, Surxondaryo viloyatida esa 113 taga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8-iyun, dushanba kunidan boshlab, “yashil” hududlarda masjidlar o‘z faoliyatini karantin talablariga amal qilgan holda boshlaydi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi taqdim etgan ro‘yxatga ko‘ra, Muzrabot tumani ham “yashil” hudud toifasiga kiradi.

Demak, 8-iyundan boshlab “Do‘stmuhammad bobo” masjidida ham sanitar talablar asosida ilk namozlar ado etiladi.