Foto: O’zA

Amaldagi qonun faqat realizatsiya qilishga mo‘ljallangan qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamg‘alashga bag‘ishlangan bo‘lib, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasini to‘liq qamrab olmagan. 

Yangi qonun loyihasi ushbu sohada qimmatbaho metallar, toshlarni qazib olish, ularni affinaj qilish, zargarlik buyumlarining asillik darajasini belgilash va tamg‘alash, davlat organlarining vakolatlari, qimmatbaho metallar va toshlarga egalik huquqlarining vujudga kelishi, sohada ruxsat etish tizimi asoslari ko‘rsatib o‘tilgan. 

Loyihada qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar davlat egaligida bo‘lgani singari yuridik va jismoniy shaxslar egaligida ham bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan. 

Deputatlarning qayd etishicha, ushbu loyihaning qabul qilinishi sohada bir qator ijobiy natijalarni beradi. Jumladan, mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlarida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasidagi faoliyatni amalga oshirishning mustahkam huquqiy asosi yaratiladi. 

Loyiha bilan qimmatbaho metallarning erkin muomalasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qimmatbaho metallarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiquvchilardan yoki birjadan sotib olish imkonini yaratadi. 

Ikkinchidan, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasida davlat organlarining vakolatlari aniq belgilanyapti. Bu qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, iste’molchilarning huquqlari kafolatlanishi, halol tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilishga yordam beradi.

Shuningdek, loyiha qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamg‘alash tartibini soddalashtirishni nazarda tutadi. Unga qimmatbaho metallar va toshlarga egalik huquqini nazarda tutuvchi normalar kiritilgan bo‘lib, bu qimmatbaho metallarga oddiy tovar sifatida qarash, tadbirkorlik sub’ekti yoki jismoniy shaxslar ham ularga egalik qilishi, o‘rnatilgan tartibda erkin tasarruf etish imkonini beradi. 

Mazkur qonun loyiha qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga o‘zlari ishlab chiqargan zargarlik buyumlariga o‘zlari ishlab chiqaruvchi tamg‘asi bilan tamg‘alash huquqi ham berilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan konseptual jihatdan qabul qilindi.