Foto: Xalq so’zi

Xabarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan beriladigan tavsiyanoma va taqdimnomalar imtiyoz berish uchun asos boʻladi.

Bunda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan:

davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun tavsiyanoma;

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasining oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun taqdimnoma beriladi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda munosib hissa qoʻshgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga:

Oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun umumiy qabul parametrlaridan tashqari uch foizli qabul koʻrsatkichlari (qoʻshimcha uch foizli qabul kvotasi) ajratiladi. Ularga mazkur uch foizli qabul koʻrsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish imtiyozi beriladi (tavsiyanoma asosida).

Harbiy taʼlim muassasalariga kirish uchun kursantlar (oʻquvchilar)ni qabul qilishning umumiy sonidan besh foizli qabul koʻrsatkichlari (qoʻshimcha besh foizli qabul kvotasi) ajratiladi. Ularga mazkur besh foizli qabul koʻrsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish imtiyozi beriladi (taqdimnoma asosida).

Terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan yoki olgan tan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlariga:

Oliy taʼlim muassasalariga kirishda tanlovsiz, belgilangan qabul parametrlaridan tashqari davlat granti asosida oʻqishga kirish imtiyozi beriladi (tavsiyanoma asosida).

Harbiy taʼlim muassasalariga kirishda dastlabki va kasbiy tanlov natijalariga asosan, tanlovsiz, belgilangan qabul parametrlaridan tashqari oʻqishga kirish imtiyozi beriladi (taqdimnoma asosida).

Tavsiyanoma va taqdimnomalarning amal qilish muddati uch yil deb belgilab qoʻyilgan, deyiladi xabarda.