Foto: Sof.uz

Jamshid Qo‘chqorov Moliya vazirligi lavozimidan olingan hamda Iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimiga tayinlangan.

U yangi lavozimda Botir Xo‘jayev o‘rnida ish boshlaydi. Shu bilan birga bosh vazir o‘rinbosari lavozimini saqlab qoladi. U bosh vazir o‘rinbosari sifatida kambag‘allikni qisqartirishga ham mas’ul bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Jamshid Qo‘chqorov 2017 yil noyabrida Moliya vaziri etib tayinlangan, 2019 yil fevralidan Bosh vazir o‘rinbosari — Moliya vaziri sifatida ishlab kelayotgan edi.

Timur Ishmetov 2019 yilning may oyida moliya vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi. Avvalroq u Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Ma’lumot uchun, Timur Ishmetov 1979 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 2000 yilda Toshkent moliya institutini, 2005 yilda Birmingem universitetining International Money and Banking yo‘nalishida magistratura bosqichini, 2007 yilda Toshkent yuridik universitetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2000 yilda Markaziy bank iqtisodchisi lavozimidan boshlagan. 2017 yil apreligacha turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi. Jumladan, turli vaqtlarda Markaziy bankning Monetar operatsiyalar departamenti, Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti, Ichki valyuta bozoridagi operatsiyalar va Valyuta boshqaruvi va nazorati departamentiga rahbarlik qildi.

Timur Ishmetovning o‘rniga Nasriddin Xo‘jayev moliya vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlanishi kutilmoqda.

Shu kunga qadar iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimida ishlab kelgan Botir Xo‘jayev esa bosh vazir maslahatchisi lavozimiga tayinlangan. U hukumat rahbariga sanoat va kooperatsiyalar bo‘yicha maslahatchi bo‘ladi.

Nodir Otajonov esa bosh vazir maslahatchisi lavozimidan ozod etilib, «O‘zagrotexsanoat» tashkilotidagi rahbarlik lavozimini saqlab qolgan.