Foto: Google

Surxondaryoda Daniya va Shveytsariyaga ishga joʻnatishni vaʼda berib 61 kishidan 45 million soʻmdan yigʻib olgan bandlik agentligi ustidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Xabarda aytilishiga koʻra, “I.J.O. xususiy bandlik agentligi” MCHJ, Daniya va Shveytsariya davlatlariga ishga yuborishni vaʼda berib, 61 nafar fuqarodan 45 million soʻmdan jami 2,6 milliard soʻm mablagʻ yigʻib olgan. Fuqarolarni ishga yubormasdan, ularning manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazishgan.

Bundan tashqari, jamiyatga aloqador shaxslar 2019 yilning iyul oyida Koreya Respublikasiga ishga yuborish vaji bilan 4 nafar fuqarolarning 16 500 AQSH dollari hamda 125 mln. soʻm pullarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritishib, oʻzlarining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborishganligi aniqlangan.

Aniqlangan ushbu va boshqa qonunbuzarlik holatlari yuzasidan “I.J.O. xususiy bandlik agentligi” MCHJ rahbari SH.A. va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.