Foto: France 24

Xitoyda so’nggi bir kun ichida ushbu kasallikka chalinganlar soni 409 taga, o’lim esa 150 kishiga ko’paydi. Ulardan 149 kishi kasallik epitsentrida Xubey provinsiyasida va yana bir kishi Xaynan provinsiyasida vafot etganligi aytilmoqda.

Janubiy Koreyada Covid – 19 koronavirusini yuqtirganlar soni kuniga 161 taga ko’payib, 763 taga yetdi, deya xabar beradi Yonhap mamlakat rasmiylariga tayanib.

Virus jadal tarqalayotgani sababli Janubiy Koreya hukumati mamlakatda xavflilikning eng yuqori “qizil” darajasini joriy qilishga qaror qildi. Bunday qaror mamlakatda o‘n yildan ko‘proq vaqt ichida ilk bor qabul qilindi, deb xabar berdi Yonhap axborot agentligi. 

Shuningdek, hukumat virus tarqalishining oldini olish maqsadida 2 mart kuni yakunlanishi kerak bo‘lgan maktab ta’tillarini uzaytirishga qaror qilgan. 

Ma’lum qilinishicha, 131 ta yangi kasallanish holati Tegu shahrida, 10 ta Kyongido viloyatida, 11 ta Kyonsan-Puktoda, qolganlari esa mamlakatning qolgan hududlarida qayd etilgan. Jumladan, kasallanganlardan 129 kishi Tegudagi Sinchxonchji diniy sektasi bilan bog‘langan. Aynan shu oqimga a’zo 61 yoshli ayol sektaning Tegudagi ibodatxonaga kelgan boshqa a’zolari orasida virus tarqalishiga sababchi bo‘lgan. Mahalliy hokimiyat idoralari ushbu sektaning 9336 nafar a’zosini uy karantiniga joylashtirgan, ulardan 1276 nafarida virus alomatlari paydo bo‘lmoqda, yana 604 kishi bilan bog‘lanib bo‘lmagan. Ayni vaqtda ushbu sekta bilan Janubiy Koreyadagi kasallanish holatlarining 458 tasi bog‘langan.