Musulmonlar uchun uchinchi eng muqaddas joylardan biri Quddusdagi Al-Aqso masjidi 31-may kuni namozxonlar uchun ochiladi.

Foto: Xalq so’zi

Bu masjid ham koronavirus tufayli ikki oydan koʻproq muddat davomida yopiq boʻlgandi.

Islomiy vaqf tashkiloti aʼzosi Halil Assalining aytishicha, Al-Aqso masjidiga keluvchi musulmonlar sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan bir qator xavfsizlik qoidalariga rioya qilishlari kerak boʻladi.

Qoidalar joriy etilgan boʻlsada, rasmiylar, masjidda odamlar toʻlib-toshishidan xavotirga tushmoqda.

“Biz vaqf tashkiloti qoʻriqchilariga masjid hududi, xususan darvozalar oldida odamlar juda koʻpayib ketmasligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdik”, – deydi Assali.

Al-Aqsoning restavratsiyasi uchun tuzilgan fond rahbari Vasfi Hoshimiy masjidda odamlarning xavfsizligini taʼminlash uchun barcha tayyorgarlik koʻrilganini taʼkidladi.

“Al-Aqsoning barcha hududi dezinfeksiya qilindi va odamlar ibodat paytida bir-biridan masofa saqlashlari uchun aylana shaklidagi chegaralar chizildi”, – deydi Hoshimiy.

Ushbu masjidga kelgan namozxonlar ijtimoiy masofalanishdan tashqari yuz niqoblari va qoʻlqop taqishlari hamda oʻzlari bilan birga joynamoz olib kelishlari kerak boʻladi.