AQShning Minneapolis shahrida komendantlik soati joriy etildi. Bu yerda qora tanli fuqaro Jorj Floyd politsiyachi tomonidan bo‘g‘ib o‘ldirilgandan so‘ng tartibsizliklar boshlanib ketgan edi.

Foto: Google

Shahar meri tomonidan ta’kidlanishicha, komendantlik soati juma, shanba va yakshanba kunlari tungi soat 20:00dan tonggi 06:00ga qadar davom etadi. Ushbu cheklov jurnalistlarga ham joriy etilgan. Taqiqni buzganlar 1000 dollar jarima yoki 90 kunlik qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 46 yoshli qora tanli Jorj Floyd qorovul bo‘lib ishlagan va 25 may sanasida oziq-ovqat do‘konidan xaridni amalga oshirgan. Ammo u mahsulotlar uchun qalbaki chek bilan to‘lashda ayblanib, politsiyachilar tomonidan qo‘lga olingan.

Politsiyachilar uni mashinasidan tushirib, asfalt ustiga yotqizishgan va huquq tartibot xodimlaridan biri uning bo‘ynini tizzasi bilan bosib turgan. Garchi Jorj Floyd qarshilik ko‘rsatmagan va nafas ola olmayotganidan shikoyat qilsada, politsiyachi tizzasini olmagan. Natijada qora tanli fuqaro vafot etdi.

Shundan so‘ng uch kun davomida Minneapolis va boshqa shaharlarda tartibsizliklar avj oldi. Namoyishchilar do‘konlarni buzib, o‘marib, mashina va binolarga o‘t qo‘ymoqda. Natijada 170 dan ortiq tashkilotlarga zarar yetgan.

29 may sanasida qora tanli shaxsni qo‘lga olishda ishtirok etgan 4 nafar politsiyachi ishdan bo‘shatildi. Uni bo‘g‘ib o‘ldirgan fuqaro Derek Shoven esa qamoqqa olingan. Minneaolis meri Jeykob Fray esa fuqarolardan kechirim so‘ragan.