Navoiy viloyati IIB boshlig‘i, 3-sektor rahbari Zarafshon shahrida bo‘lib, joriy etilgan karantin tadbirlarini qat’iy nazoratga oldi. Dastlab, 3-sektor rahbari viloyat IIB, Milliy gvardiya, FVB, SEO Markazi hamda boshqa mas’ul tashkilot xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazib, vaziyatni barqarorlashtirishga oid tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Foto: IIV axborot xizmati

Bugungi epidemiologik vaziyatda kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olish eng to‘g‘ri yechimdir. Zarafshon shahri “qizil” toifadagi hudud hisoblanib, epidemiyaning katta o‘chog‘idan biri. Ayni paytda, shahar bo‘ylab bosqichma-bosqich kuchaytirilayotgan dezinfeksiyalash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilib, biriktirilgan soha vakillari keng jalb etilgan. Bu haqda IIV axborot xizmati ma’lum qildi.

Ayniqsa, chegara postlarida transport vositalari qatnovi to‘xtatilgan va shahar hududiga kirish-chiqish bekor qilingan. Velosipedlar qatnoviga chek qo‘yilsada, unda harakatlanishni amalga oshirayotgan fuqarolarga ham tushuntirish ishlari olib borilib, velosipedlar jarima maydonchasidan o‘rin olmoqda.

Shuningdek, hududda to‘xtovsiz reyd tadbirlari o‘tkazilib, IIO xodimlarining ogohlantirish va chaqiriqlariga qaramasdan, bemaqsad ko‘chada yurgan fuqarolarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

Avvalroq, Navoiyda karantinga olinganlar 5299 nafarni tashkil etayotgani haqida xabar bergan edik. Navoiy viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining ma’lumotlariga ko‘ra, Navoiy viloyati bo‘yicha koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar umumiy ro‘yxatda 119 nafar ekanligi qayd etilgan bo‘lib, shundan 12 nafar bemor butkul sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatilgan.