Yangi ekoparkda Sergeli tumani mutasaddilari, aholi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun bu yerga kelishimdan maqsad – koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda xalqimizni nimalar o‘ylantirayotgani, odamlar hayotini yaxshilash uchun yana nimalar qilish kerakligini birgalikda fikrlashib olish, – dedi davlatimiz rahbari.

Sergeli tumani uchun shakllantirilgan investitsiya loyihalari muhokama qilindi.

Jumladan, joriy yilda umumiy qiymati 1,8 trillion so‘mlik 61 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 5 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 22 ta loyiha bo‘yicha 83 million dollar miqdorida horijiy sarmoyalar o‘zlashtiriladi.

Misol uchun, Toshkent quvur zavodida joriy yilda xitoylik hamkorlar bilan birga 85 million dollar investisiya evaziga yiliga 500 ming tonna metall list ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi.

Chirchiq daryosining Bektemir va Sergeli tumanlaridan oqib o‘tuvchi 16 kilometrlik qismidagi o‘zanlarni 65-80 metrgacha qisqartirish orqali qo‘shimcha 565 gektar bo‘sh yer zaxirasi paydo bo‘ladi. Bu yerda yangi investisiya loyihalarini joylashtirish orqali qo‘shimcha 160 ming yangi ish o‘rni yaratish mumkin. Mutasaddilarga bu masalani atroflicha hisob-kitob qilib, ularni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari kichik biznesni rivojlantirish, aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali bandlikni oshirish, kambag‘allikni qisqartirish zarurligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Transport va kommunal xo‘jalik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan qiymati 83 million dollar bo‘lgan, 7 kilometr uzunlikdagi Sergeli yer usti metrosi qurilmoqda. Uni joriy yil sentyabr’ oyida foydalanishga topshirish vazifasi qo‘yildi.

Oqova suv va isitish tarmoqlarini yaxshilash, markaziy issiqlik tizimini yopiq tizimga o‘tkazish orqali modernizasiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.