Urganch tumani hokimining birinchi o‘rinbosari A.Ro‘zmetov, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Xorazm filiali mas’ul rahbarlari va Tashqi ishlar vazirligining Xorazm viloyati bo‘limi rahbari A.Kanayev Janubiy Koreyaning «Maybee Global Ltd.» kompaniyasi katta ijrochi direktorlari Pak Debok va Jang Xedji bilan onlayn-muzokara o‘tkazdi.

Foto: Google

Uchrashuvda «Xorazm qovunlari» qo‘shma korxonasining sharbat ishlab chiqarish bo‘yicha loyihasida ishtirok etish va korxona mahsulotlarini xorijga eksport qilishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Janubiy Koreya vakillari qo‘shma korxona tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, xususan, anor sharbati joriy yil 10 iyunidan boshlab mamlakatning ommabop «GS Home Shopping» va «Hyundai Home Shopping» telekanallari orqali sotila boshlanishini ma’lum qildi.

Shuningdek, yaqin kelajakda anor, tarvuz, qovun, sabzi va boshqa meva-sabzavotlardan olingan sharbat mahsulotlarini Janubiy Koreya bozorida sotish bo‘yicha ham muzokaralar olib borildi.