Bugun Prezident Toshkent shahri Sergeli tumanining 5A mavzesida ochilgan 329-umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

To‘rt qavatli ushba ta’lim maskani 1680 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Unga asos solishda 2019-yilda tashkil etilgan Prezident maktablari tajribasidan foydalanilgan.

Ta’lim sifatini ta’minlash maqsadida maktabga direktor tanlov asosida, o‘qituvchilar esa test sinovlari natijasida ishga qabul qilingan.

Davlatimiz rahbari maktab darsliklari saviyasi talabga mutlaqo javob bermasligi, o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy bilimlar asosida takomillashtirish zarurligini ta’kidladi. Bolalarga sifatli ta’lim berish, shu bilan birga, 7-sinfdan boshlab kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Keyinchalik ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga mablag‘ sarflamaslik uchun bugun shu mablag‘ni maktablarga berishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.