Shu yil 28-may kuni soat 02:30 da, Namangan tumanida yashovchi muqaddam O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 169-modda 2-qismi bilan sudlangan fuqaro spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holda qo‘shnisiga tegishli bo‘lgan “Moskvich” rusumli avtomashinani yashash xonadonida qarovsiz qoldirilganidan foydalanib olib qochadi. Bu haqda Namangan viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Namangan viloyat IIB axborot xizmati

O‘g‘irlikdan xabar topgan hudud profilaktika inspektori zudlik bilan tuman IIB Navbatchilik qismiga axborot beradi.

Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimlari va kinolog xodimlarning xizmat itlari yordamida avtomashina tumandagi Qoratepa-Guldirov yo‘nalishidagi zovurdan topildi. Biroq o‘g‘irlik sodir etgan shaxs voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan edi.

Ashyoviy dalillar yordamida o‘g‘rining shaxsi aniqlanib, qo‘lga olindi.

Ushbu holat bo‘yicha tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbeiston Respublikasi jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.