Ispaniyada koronavirus pandemiyasi davrida sayyohlarning plyajda ijtimoiy masofa saqlashini nazorat qilish usulini o‘ylab topishdi. Bu haqda “The Sun” gazetasi xabar berdi.

Foto: The Sun

Tabloidning ma’lum qilishicha, Benidorm kurort shahar meri Toni Perez amaldorlarga dam oluvchilarni bir-biridan ajratish hamda shu yo‘l bilan kasallik yuqishining oldini olish uchun plyaj hududini qismlarga ajratish rejasini ishlab chiqishni buyurdi. Sohilga kirish va odamlar soni zamonaviy texnologiyalar yordamida nazorat qilinadi.

Loret-de-Mardagi (Kosta-Brava qirg‘og‘idagi eng mashhur kurortlardan biri) plyajlar turli yoshdagi va ijtimoiy guruhdagi sayyohlar uchun sektorlarga bo‘lib chiqiladi. Shahar meri Jaume Dulsatning so‘zlariga ko‘ra, u yerda pensionerlar, oilalar va bolalarsiz kelgan kattalar uchun maxsus joylar tashkil etiladi. Kurortdagi ikki plyajda qoidalarga rioya qilishni ta’minlash uchun qariyb 30 dan ortiq xavfsizlik xizmati xodimlari faoliyat ko‘rsatadi.

Tarragona shahar ma’muriyati pandemiya sharoitida dam oluvchilarning plyajda bo‘lish vaqtini cheklashga qaror qildi. Mahalliy amaldorlar boshqalar ham dengizda suzish va oftobda toblanish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun odamlarni plyajda uch soatdan ortiq qolmaslikka chaqirdi.