“Forbes Ukraina” nashri 2016-yildan beri ilk marotaba boyligi $95 milliondan kam bo‘lmagan mamlakatning 100 nafar eng boy kishilari ro‘yxatini e’lon qildi. Besh yillik tanaffusdan so‘ng mamlakatning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko ushbu ro‘yxatga qaytib keldi.

Foto: Google

Ro‘yxat ishtirokchilarining umumiy boyligi $31 mlrddan oshadi.

Boyligi 1 milliard dollardan ko‘proq bo‘lgan ukrainaliklar jami 8 kishini tashkil etadi. Mamlakatning eng boy odami kon-metallurgiya magnati Renat Axmedov ($2,8 mlrd) sanaladi. Ikkinchi o‘rinda “Interpayp” guruhi boshlig‘i Viktor Pinchuk ($1,4 mlrd) hamda uchinchi o‘rinda Pyotr Poroshenko ($1,4 mlrd) turibdi.

To‘rtinchi o‘rinni “Epitsentr” gipermarketlar tarmog‘i egalari Aleksandr va Galina Gerega (1,3 milliard dollar), beshinchi o‘rinni “Privat” moliya-sanoat guruhi egalaridan biri Gennadiy Bogolyubov (1,2 milliard dollar) egalladi.

Milliarderlar ro‘yxatida oxirgi o‘rinda prezident Vladimir Zelenskiyga yaqin deb ko‘riladigan “Privat” moliya-sanoat guruhining egalaridan biri Igor Kolomoiskiy ($1 mlrd) ham bor.