Bugun, 29-may kuni Yunusobod tumanining “MEGA PLANET” ko‘ngilochar savdo majmuasi hududidagi 3, 12, 13, 14, 15, 16, 17-mavzelar, 18-19-mavzelarda qisman hamda “Bobodehqon”, “Kulol”, “Oqtepa” mahallalaridagi aholi yashash xonadonlarida, shuningdek, tumandagi kichik sanoat zonasida elektr energiyasi ta’minotida uzilish kuzatildi.

Foto: Sputnik

“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” AJ ushbu vaziyat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi:

29-may kuni soat 08:21da Yunusobod tumanida pudratchi tashkilot tomonidan Yunusobod tuman elektr ta’minoti korxonasi bilan kelishmagan holda yer qazish ishlarini olib borgan. Natijada hududdagi 110/35/10 kv kuchlanishli PS «Yunusobod» dan chiquvchi yuqori kuchlanishli 10 kVli yer ostidan o‘tgan kabel’ tarmoqlari shikastlanib, avariya holati yuzaga kelgan.
Buning oqibatda Yunusobod tumanidagi 3, 12, 13, 14, 15, 16, 17-mavzelar, 18-19-mavzelarda qisman hamda “Bobodehqon”, “Kulol”, “Oqtepa” mahallalaridagi aholi yashash xonadonlarida, shuningdek, tumandagi kichik sanoat zonasida elektr energiyasi ta’minotida uzilish sodir bo‘lgan.

“Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tizimidagi Yunusobod tuman elektr ta’minoti korxonasining tezkor brigadalarining asosiy kuch va texnikalari yuzaga kelgan holatlarni zudlik bilan bartaraf etishga qaratildi.

Kun davomida elektr energiyasini tiklash ishlari bosqichma-boskich yakuniga yetkaziladi, deyiladi Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabarida.