Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tashabbusi bilan aholi va hududlarni tabiiy ofatlardan muhofaza qilish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida Bo‘stonliq tumaning Chimboyliq qishlog‘i hududi adrliklarida “Zararli chigirtkalarga qarshi kurashish” mavzusida ko‘rgazmali maxsus taktik o‘quv- amaliy mashqi o‘tkazildi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Mashg‘ulotlarda Bo‘stonliq tuman hokimligi va tibbiyot birlashmasi, viloyat O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi, Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmatining viloyat filiali xodimlari ishtirok etishdi.

O‘quv amaliy mashqda o‘simliklarni zararli chigirtkalardan himoya qilish maqsadida texnikalar va suyuqlik purkovchi qurilmalardan foydalangan holda maxsus kimyoviy suyuqlik bilan zararsizlantirilish, maxsus kimyoviy suyuqlik bilan zararsizlantirish jarayonida sog‘lig‘i yomonlashgan xodimga birinchi tibbiy yordam amalda bajarib ko‘rsatildi.

Bundan tashqari mashg‘ulot ishtirokchilari zararli chigirtkalar tabiatga xavf solayotgan paytda sayyor laboratoriyaning faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Tadbirda jami 10 ta texnika vositasi va 40 nafar mutaxassis qatnashdi, deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati xabarida.