Avvalroq “Propiska yaqinda yana yopilarkan” degan mish-mishlarga Adliya vazirligi oydinlik kiritgani haqida xabar qilgan edik.

Foto: Publika

Huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev odamlar orasida tarqalgan yana bir mish-mish haqida tushuntirish berdi. Aytilishicha, 1-iyulgacha propiskasiz fuqarolar o‘z uylarini nomlariga o‘tkazib olishmasa, 15 foiz qo‘shimcha soliq to‘lasharmish. Bu haqda TVda roliklar ham berilyapti, deyishmoqda.

Bu mish-mish ham noto‘g‘ri. Ammo shunga yaqin boshqa gap bor, odamlar shuning uchun adashmoqda.

“O‘zshahar qurilish invest” IK MChJ 2017-2019 yillar dasturlarida qurilgan uy-joylar bo‘yicha 2020-yil 1-iyulga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi belgilangan. 1-iyuldan boshlab “O‘zshahar qurilish invest” ham QQS to‘lashni boshlaydi va uy narxlari 15 foizga oshadi.

Ammo bu yerda gap faqat 2017-2019 yillarda davlat dasturi asosida qurilgan uylar haqida ketmoqda. Ya’ni kam ta’minlanganlar uchun, yoshlar uchun, turli soha vakillari uchun (o‘qituvchilar, adiblar, olimlar va h.k.), shuningdek qishloq joylarida davlat tomonidan qurilgan YaNGI uylar nazarda tutilgan.

Ikkilamchi bozordagi uylar yoki xususiy kompaniyalar tomonidan qurilgan uylarga 15% narx oshishining sira aloqasi yo‘q.

Avval aytilganidek, 2017-2019 yillardagi davlat dasturi asosida qurilgan uylarning egalari 1 iyulga qadar tezroq uylarni o‘z nomlariga o‘tkazib olishlari kerak. Yo‘qsa, yana qo‘shimcha to‘lov qilishga to‘g‘ri keladi.