Avvalroq, Shofirkon tumani “qizil” hududga kiritilib, transport vositalari harakati cheklangani haqida xabar bergan edik.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi axborot xizmati

Kecha, 28-may kuni Buxoro viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan Shofirkon tumani markazida joylashgan “Star Market” supermarketiga koronavirusga gumonlangan shaxslar kirib-chiqqanligi aniqlanganligi, shu bois 24-may sanasidan shu kunga qadar ushbu savdo majmuasiga kelgan fuqarolar tuman sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markaziga murojaat qilib, tegishli tahlillardan o‘tishlari zarurligi haqida xabar berilgan.

Ammo bugun, 29-may kuni shtab a’zosi, viloyat sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi vazifasini bajaruvchisi Zayniddin Qurbonov, Shofirkon tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Furqat Tohirov hamda tuman sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi bosh rachi Toshpo‘lat Asadov tomonidan ma’lum qilinishicha, “Star Market” supermarketiga koronavirusga gumonlangan shaxslar kirib-chiqqanligi o‘z tasdig‘ini topmagan.

Shuningdek, savdo majmuasi ishchi-xodimlaridan test tahlillari olingan va natijalar manfiy ko‘rsatkich qayd etgan. Takror tekshiruvdan o‘tkazilganda ham savdo xodimlarida kasallik belgilari aniqlanmagan. Supermarket hozirda o‘z ish faoliyatini karantin qoidalariga muvofiq davom ettirmoqda, deyiladi viloyat axborot xizmati xabarida.