“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ Qozogʻistonning “Orbis Kazakhstan” kompaniyasi bilan birgalikda Turkiston viloyatida Oʻzbekiston qishloq xoʻjalik texnikalarini Qozogʻistonda yigʻish loyihasi doirasida investitsiya shartnomasi va yoʻl xaritasini imzoladilar

Foto: Sirdaryo viloyat hokimligi axborot xizmati

Umumiy investitsiya hajmi 12 million dollar boʻlgan yangi loyiha “Turkistan” sanoat zonasi hududidagi “Brownfield” ishlab chiqarish maydonchasida qishloq xoʻjaligi texnikalarini yigʻishni nazarda tutgan. 

Sanoat zonasi hududida 110 ot kuchiga ega universal-haydov traktorlari, 80 ot kuchiga ega paxta traktorlari, shuningdek, paxta terish mashinalari, 4 tonnagacha yuk koʻtaradigan traktor tirkamalari, rotorli oʻrgich-maydalagichlar, purkagichlar, paxta kultivatorlari hamda 3 va 4 korpusli pluglarni ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.

“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ qozogʻistonlik mutaxassislarni oʻqitish va malakasini oshirish, shuningdek texnik xodimlar uchun amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish ishlarini amalga oshiradi.

Oʻz navbatida, “Orbis Kazakhstan” kompaniyasi Qozogʻiston Respublikasida qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish uchun dilerlik va xizmat koʻrsatish tarmogʻini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.