“Steadfast” sug‘urta kompaniyasi “T.F. Nugent” kompaniyasini xodimi taniqli rassom Pablo Pikassoning “Dengizchi” avtoportretiga zarar yetkazib qo‘ygani uchun sudga berdi, deya xabar berdi Artnet.

Foto: AFP 2020

2018-yil may oyida «T.F. Nugent» xodimi «Christie’s» galereyasi devorlarini bo‘yayotganda bexosdan qo‘lidagi bo‘yoq cho‘tkani tushirib yuboradi va Pikassoning asarini diametri 11 santimetr kattalikda teshib qo‘yadi. Shundan so‘ng kolleksioner Stiv Uinn Nyu-Yorkdagi «Christie’s» kimoshdi savdosidan polotnoni qaytarib oldi.

Endi sug‘urta kompaniyasi qurilish kompaniyasidan «e’tiborsizlik» va sud xarajatlari uchun 18,74 million dollar undirishni talab qilmoqda. Uning arizasiga ko‘ra, pudratchi «Christie’s» bilan og‘zaki kelishuvni buzgan va «galereya xonalarini bo‘yayotganda ehtiyotkorlikka yetarlicha amal qilmagan».

Noxush hodisagacha Uinn Pikassoning rasmini kamida 70 million dollarga sotishni niyat qilgandi.

«Christie’s» rasmning fragmentlarini tiklashga 487 ming dollar sarfladi.

«Steadfast» kompaniyasi 1943-yilgi rasmning qiymatiga shikastlanish qanday ta’sir o‘tkazganini baholash uchun ikki nafar ekspertni yolladi. Ularning fikricha, dastlab 100 million dollarga baholangan asar ushbu hodisadan so‘ng 20 foizga (yoki 20 million dollarga) arzonlashgan.

Ushbu raqamlarga asoslangan holda «Christie’s» Uinn bilan «Sierre Fine Art» kompaniyasiga 18,74 million dollar to‘lashga kelishib olishdi. Sug‘urta kompaniyasi bu pulni kimoshdi savdosiga to‘ladi.