Madaniyat vazirligi va Davlat turizmni rivojlantirish qo‘mitasiga “Jonli muzey” va “Muhtasham teatr” loyihalari doirasida mamlakatimiz muzey va teatrlarida interaktiv hududlarni tashkil qilish, xorijiy sayyohlar uchun aktyorlar nutqini sinxron tarjima qilish tizimini joriy qilish yoki matnlar tarjimasi aks ettirilgan elektron tablo-monitorlarni o‘rnatish topshirig‘i berildi, deb yozmoqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Foto: Skrinshot

Shuningdek, ushbu obyektlarda tarjimon-gid, marketolog va teatr xizmatlarini monetizasiya qilish bo‘yicha mutaxassis lavozimlari joriy etiladi.

Muzeylarni ommalashtirish bo‘yicha bu va boshqa chora-tadbirlar Vazirlar mahkamasinining 23.05.2020 yilda qabul qilingan 325-sonli “O‘zbekiston Respublikasida muzey va teatrlarning marketing faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

Shuningdek, marketing va xizmatlar monetizasiyasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga muzeylarning sayt va ilovalari, QR-kodlar ishlab chiqilishi, jamoat joylarida, shu jumladan, aeroportlar, vokzallar, reklama ob’ektlari va shoxobchalari, avia- va temir yo‘l transporti vositalarida madaniy ob’ektlar to‘g‘risida ma’lumot joylashtirish ham kiradi.

Madaniyat va san’at ob’ektlarida blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda chiptalarni sotishning yagona elektron tizimi joriy etiladi. 2020-yil 1-avgustdan boshlab ushbu tizim Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri va Buxoro davlat muzeyida ishga tushiriladi.

Hujjat davlat tilida Milliy qonunchilik bazasida e’lon qilingan bo‘lib, 23.05.2020 yilda kuchga kirgan.