Afg‘onistonning shimoliy-sharqiy hududida joylashgan Pervan viloyatida Tolibon ekstremistik harakati jangarilari bilan yuz bergan to‘qnashuv oqibatida kamida yetti nafar harbiy halok bo‘ldi. Bu haqda Tolo News telekanali xabar berdi.

Foto: Tolo news

“Tolibon harakati jangarilarining Parvan viloyatidagi nazorat maskaniga chorshanba kuni tunda uyushtirgan hujumi oqibatida kamida yetti nafar Afg‘oniston harbiy xizmatchilari halok bo‘ldi. Yana bir nafari jarohatlandi”, – deya ma’lum qildi viloyat gubernatori Vaxida Shaxkar.

Tinchlikka erishish uchun qilinayotgan sa’y-harakatlarga qaramasdan, Afg‘oniston hukumati va Tolibon harakati o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etmoqda. Fevral oyi so‘nggida Qatarda o‘tkazilgan tadbirda AQSh va Tolibon o‘rtasida 18 yil davom etgan urushdan so‘ng ilk marotaba tinchlik sulhi tuzilgan edi. Unga ko‘ra, Afg‘oniston hududidan xorijiy armiyalar olib chiqib ketilishi va Afg‘onistonaro suhbat bo‘lib o‘tishi lozim edi.