Kecha, 28-may kuni videokonferensaloqa shaklida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” muzokaralari Afg‘oniston ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Zamin.uz

Tadbirda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Azizbek Madmarov, Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Marg‘ulan Baymuxan, Tojikiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Huseynzoda, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xadjiyev, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov va Yevropa tashqi faoliyat xizmati bosh kotibi Helga Mariya Shmid hamda Afg‘oniston TIV rahbari o‘rinbosari Harun Chahansuri ishtirok etdilar.

Mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma tadbirlarni tashkillashtirish istiqbollari, xususan siyosat va xavfsizlik bo‘yicha “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” yuqori darajali muloqotining navbatdagi majlisi kun tartibi va uni Toshkent shahrida o‘tkazish jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Markaziy Osiyo, Afg‘oniston va YI davlatlarining COVID-19 koronavirus infeksiyasining tarqalishi va uning oqibatlariga qarshi kurashish borasidagi hamkorligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.