Joriy yil 13-mayda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi, ayniqsa keksa yoshdagi fuqarolardan kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlarni inobatga olib pensiyalar naqd shaklda to‘lanishi bo‘yicha topshiriq berildi.

Foto: Sof

Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur topshiriqqa muvofiq, 2020 yil iyun oyida pensiya va nafaqalar fuqarolarga avvalgidek naqd pul shaklida amalga oshiriladi.

Bunda, pensiyalarini naqd pulga qaytarilishi bo‘yicha fuqarolardan Xalq banki yoki Pensiya jamg‘armasiga ariza berish talab etilmaydi.

Xalq bankiga ko‘ra, naqd pulda pensiya to‘lovlari bankning sayyor kassalari tomonidan karantin qoidalariga rioya qilingan holda pensionerlarning yashash manzillariga, odatiy grafikka muvofiq har oyning 27-sanasiga qadar yetkaziladi.

Bank plastik kartasi orqali olishni davom ettirish mumkin-mi?

Pensiyalarini bank plastik kartalari orqali olish istagini bildirgan (ariza bergan) hamda may oyidan avval bank kartasi orqali pensiya olib kelgan fuqarolarga to‘lovlar iyun oyida ham bank plastik kartalari orqali davom ettiriladi.

Avvalgi arizalariga muvofiq, pensiyalarini qisman naqd va bank kartalari orqali olib kelgan fuqarolarga iyun oyidan pensiyalari ularning arizalarida belgilangan nisbatlarda amalga oshiriladi.

Bank plastik kartalari orqali pensiya va nafaqa oluvchilarga mablag‘lar 3-8 iyun sanasida to‘liq moliyalashtirib berilishi rejalashtirilgan.

Pensiyalarni bank plastik kartasiga o‘tkazish uchun nima qilish lozim?

Fuqarolarni ovoragarchiliklarini oldini olish maqsadida, Pensiya jamg‘armasi va Xalq banki tomonidan hamkorlikda qo‘shma kelishuv imzolangan.

Bunda, o‘z pensiyalarini bank plastik kartalariga o‘tkazish istagini bildirgan fuqarolarni ko‘chaga chiqishlari talab etilmaydi. Ya’ni, fuqarolar Xalq bankining – 1106 yoki Pensiya jamg‘armasining – 1140 «Ishonch telefoni»ga murojaat qilishlari kifoya.

Ushbu murojaatga ko‘ra, Xalq banki sayyor kassasi tomonidan pensionerning yashash manziliga borilgan holda ariza va shartnoma rasmiylashtiriladi.

Pensionerlar uydan chiqmagan holda pensiya to‘lovini boshqaradi

Bugungi kunda Pensiya jamg‘armasi tomonidan Markaziy bank va tijorat banklari bilan hamkorlikda, pensionerlar tomonidan pensiya pullarini boshqarishlari bo‘yicha mobil ilova ishlab chiqilmoqda.

Ushbu mobil ilova yordamida, pensionerlar uyali telefonlari orqali bank yoki Pensiya jamg‘armasiga bormagan holda, bank plastik kartasini ochish hamda pensiyalarini ushbu bank kartasiga o‘tkazish uchun masofadan turib ariza berish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.