Denov tumani hokimligi tuman markazidagi xiyobonda o‘rnatilgan Amir Temur haykali xususida joriy yilning 27-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan materiallarni batafsil o‘rganib quyidagilarni ma’lum qildi:

Haykal Denov shahar hokimligining 1996-yil 25-apreldagi farmoyishiga asosan bunyod etilgan. Haykalda ulug‘ sarkardaning uch halqadan iborat belgi biriktirilgan hassani qo‘lida tutgan siymosi aks etgan.

Uch halqa Temur va Temuriylar saltanati bayrog‘i, tamg‘asi va tangalarida tasvirlanganligi tarixiy manbalarda keltirib o‘tilgan. 

Qo‘lida uch halqadan iborat belgi biriktirilgan hassa tutgan Amir Temur haykali bobokalonimizning shon-shuhrati, uch iqlimni birlashtirgan yengilmas mashhuri zamon bo‘lganligi ramzidir.

Prezident qaroriga muvofiq Denov tumani yangi, zamonaviy qiyofaga kiradi. Dastur asosida tuman markazidagi xiyobonda o‘rnatilgan Amir Temur haykali qayta rekonstruksiya qilinadi.