Umumta’lim maktablarining 9-sinf o‘quvchilarini 2019-2020 o‘quv yilida qiziqishlariga ko‘ra kasb-hunar maktablariga qamrab olish rejalashtirilgan. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati

2020-yil 30-mayga qadar professional ta’lim muassasalari ro‘yxati, manzili, kasb va mutaxassisliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Xalq ta’limi vazirligining hududiy xalq ta’limi boshqarmalariga taqdim etiladi.

2020-yil 30-maydan professional ta’lim muassasalarida tayyorlanayotgan kasb va mutaxassisliklarning xususiyatlari, hududda iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi va bitiruvchilarni keyinchalik ishga joylashtirish istiqbollari haqida tuman (shahar) hokimliklari, bandlikka ko‘maklashish markazlari, ish beruvchilar, boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda hududiy boshqarmalar mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar qilinishi va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borilishini tashkil qilish choralarini ko‘radi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari 2020-yil 30-mayga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan taqdim etilgan professional ta’lim muassasalari ro‘yxati, manzili, kasb va mutaxassisliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tuman(shahar) xalq ta’limi bo‘linmalari orqali o‘quvchilar uchun tushunarli usulda hamda ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) uchun tavsiyalar sifatida har bir umumta’lim maktabiga yetkazadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari hamda hududiy xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari 2020-yil 1-iyulga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limlari tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat asosida kasb-hunar maktablarida ta’limni davom ettirish istagida bo‘lgan umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari (birinchi navbatda «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimiga kiritilgan oilalar farzandlari) ro‘yxatini shakllantiradi.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablari 9-sinf bitiruvchilarining shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildi bitiruvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning kasb-hunar maktabi direktori nomiga yozilgan ariza, biometrik pasporti nusxasi, agar bitiruvchi pasport olmagan bo‘lsa, uning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 6 dona fotosurati (rangli), umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma kabi hujjatlardan iborat bo‘lishi kerak.

Shuningdek, kasb-hunar maktablari qabul kvotasi va ularga qabul qilish tartibi bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etib boriladi.