Bugun, 28-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Ispaniya Qirolligi Tashqi ishlar, Yevropa ittifoqi va hamkorlik vaziri Aranchey Gonsales Layya bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Sputnik

Suhbatda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni chuqurlashtirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratilgan holda ikki tomon kun tartibining keng qamrovli masalalari ko‘rib chiqildi, O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi hamkorligi muhokama qilindi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari O‘zbekiston-Ispaniya parlamentlararo aloqalarining rivojlanayotganligini hamda Oliy Majlis va General Korteslar o‘rtasida “O‘zbekiston-Ispaniya” guruhining tuzilganligini qo‘llab-quvvatladilar.

Muloqotda tomonlarning savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni faollashtirishga tayyorligi e’tirof etildi. Shu munosabat bilan karantin choralari bekor qilinganidan keyin Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Ispaniya hukumatlararo komissiyasi 1-majlisi hamda ikki davlat yetakchi kompaniya va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi biznes-forum o‘tkazilishining muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.