Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ko‘rsatmasiga muvofiq xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini Vatanga olib kelish uchun 25-maydan 7-iyungacha 17 ta charter reysni amalga oshirish belgilangan edi. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

Bugungacha ushbu reyslarning uchtasi amalga oshirildi. Ushbu reyslarda Rossiya shaharlari – Yekaterinburg, Moskva va Sankt-Peterburgdagi 830 nafar O‘zbekiston fuqarosi ortga qaytarildi.

25-may kuni amalga oshirilgan Toshkent – Yekaterinburg – Toshkent reysida 278 nafar, 26-may kuni Toshkent – Moskva – Toshkent reysida 275 nafar va 27-may kuni Toshkent – Sankt-Peterburg – Toshkent reysida 277 nafar o‘zbekistonlik Vatanga qaytarilgan.

Xorijdan qaytgan barcha fuqarolar aeroportdan karantin markazlariga yuborilgan.

Bugun, 28-may kuni Toshkent – Rostov-Don – Toshkent hamda Toshkent – Istanbul – Toshkent yo‘nalishida charter reyslari amalga oshiriladi.