Navoiy viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining ma’lumotlariga ko‘ra, Navoiy viloyati bo‘yicha koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar umumiy ro‘yxatda 119 nafar ekanligi qayd etilgan bo‘lib, shundan 12 nafar bemor butkul sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmati

Bugungi kunda 107 nafar bemor Zarafshon shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasida, Konimex tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar shifoxonasida hamda NKMK Markaziy kon boshqarmasiga qarashli 3 – sonli TSQ “Terapiya” bo‘limida davolanmoqda.

Ayni paytda viloyat bo‘yicha 5299 nafar fuqaro karantinga olingan bo‘lib, ularning 4340 nafari uy sharoitida, 959 nafari esa stasionar nazoratdagilardir.

Karantindagilarning asosiy qismi Zarafshon shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, 1443 nafar kishi umumiy karantinda bo‘lsa, shundan, 612 nafari stasionar, 831 nafari esa uy sharoitida karantinga olindi.

Navoiy shahrida esa 34 nafar aholi stasionar hamda 53 nafari uy sharoitida karantinga olingan.

Xatirchi tumanida umumiy 682 nafar fuqaro karantinga olingan bo‘lib, shundan 192 nafari stasionar karantinda bo‘lib turibdi. Qolgan aholi esa uy sharoitida karantinda.

Konimex tumanida ham jami 172 nafar aholi karantinga olingan bo‘lib, shundan 107 nafari stasionar hamda 65 nafari uy sharoitida.

Karmana tumanida esa 206 nafar fuqarolar karantinga olingan bo‘lib, ularning 13 nafari stasionar sharoitda bo‘lib turibdi.

Bundan tashqari, Navbahor tumanida 1112 nafar, Nurota tumanida 169 nafar, Qiziltepa tumanida 1225 nafar, Uchquduq tumanida esa 103 nafar, Tomdi tumanida ham 100 nafar fuqarolar faqat uy sharoitida karantinga olingan.