Bern universiteti professori, immunolog Martin Baxmann shveysar olimlari koronavirusga qarshi ishlab chiqayotgan vaksinani o‘zlarida sinab ko‘rdi.

Martin Baxmann

“O‘zimnikini (vaksinani nazarda tutyapti) sinab ko‘rdim. Tirik va sog‘man. Hammasi joyida”, — dedi Baxmann.

Uning aytishicha, vaksinasiga to 100 foiz ishonch hosil qilmagunicha, mutaxassislar uni umuman test qilib o‘tirishmaydi — na o‘zida, na boshqalarda. O‘zingda sinash, menimcha, normal holat, deydi professor Baxmann.

Tadqiqotchining aytishicha, immunitet orttirish — «juda yaxshi taktika», biroq vaksina bo‘lmasa odamlar yaqinlari va atrofidagilarning salomatligini xavf ostiga qo‘yishadi. Shuning uchun ham vaksina kerak.

Rossiyalik olimlar ham koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqib, o‘zlaridan sinab ko‘rishgani haqida 22-may kuni xabar paydo bo‘lgandi. Rossiyadagi Gamaleya nomidagi epidemiologiya va mikrobiologiya milliy tadqiqotlar markazi direktori Aleksand Ginsburg ham o‘zini shu dori bilan emlagan. Ammo u buni vaksina sinovi emas, balki ishlashda davom etish uchun o‘z-o‘zini himoyalash degandi.

Oradan bir necha kun o‘tib, Ginsburg markazning o‘zini shu dori bilan emlagan xodimlarida virusni neytrallashtiruvchi protektiv antitanachalar paydo bo‘lganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, Rossiyada ommaviy emlash kuz faslida boshlanishi mumkin.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 5,6 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 355 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.