Qoraqalpogʻistonda Milliy gvardiya xodimlari ruhiy kasalliklar shifoxonasidan qochgan ayolni muassasaga qaytarishdi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Foto: Sputnik

Maʼlum qilinishicha, 27-may kuni taxminan tongi soat 04:10 da Aqmangʻit blok postida xizmat vazifasini oʻtayotgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari A.R. va  F.X. maqsadsiz yurgan ayolni toʻxtatishgan. Undan nima sababdan bemahalda yurganini soʻrashadi. Shunda ayolning oʻzini tutishidan ruhan sogʻlomligi shubha tugʻdiradi. Soʻngra zudlik bilan profilaktika inspektori chaqirilib, vaziyatga oydinlik kiritiladi.

U 1982-yilda tugʻilgan U. A. ekani aniqlanadi. Ayol koʻp yillardan beri davolanib kelayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi ruhiy kasalliklar shifoxonasidan qochib ketgan. Hozirda bemor kasalxonaga olib borib joylashtirilgan.