Moliya vazirligi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining mablag‘lari qayerga sarf qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlarni e’lon qildi.

Foto: Transport vazirligi

Jamg‘armaning jami daromadi 7,44 trln so‘m bo‘lgan, shularning 7,32 trln so‘mi (98,3%) xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari evaziga shakllantirilgan.

Bugungi kungacha jami 3,3 trln so‘m xarajat qilingan.

Eng ko‘p mablag‘ Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentiligiga ajratilgan – 573 mlrd so‘m.

Keyingi eng ko‘p mablag‘ “Issiq elektr stansiyalar” AJga sarflangan va 500 mlrd so‘m subsidiya berilgan.

Boshqa yirik xarajatlar quyidagilar:

  • 406 mlrd – “Uzbekistan Airways” AJga ssuda;
  • 401 mlrd — “O‘zbekneftgaz” AJga subsidiya;
  • 101 mlrd – “Uzbekistan Airports” AJga ssuda;
  • 100 mlrd – Jamoat ishlari jamg‘armasiga (ishsiz fuqarolarni vaqtincha ishlarga jalb qilish uchun);
  • 60 mlrd – Kasaba uyushmalari federatsiyasiga (kam ta’minlangan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun);
  • 50 mlrd – Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasiga (shaxsiy tomorqalarni rivojlantirish uchun);
  • 40 mlrd —“Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJga ssuda;
  • 11 mlrd – “Toshkent metropoliteni” va “Toshshahartransxizmat” xodimlariga ish haqi uchun.

Shuningdek, quyidagi maqsadlar yo‘lida ham mablag‘lar sarflangan:

  • 504 mlrd – suv ta’minoti va irrigatsiya tadbirlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun;
  • 487 mlrd – shifoxonalar va karantin majmualarini qurish va jihozlash uchun;
  • 70 mlrd – ijtimoiy nafaqalar uchun.