Joriy yil 26-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyevaning Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Mustafa Shentop bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Foto: Dunyo

Ikki mamlakat parlamentlari rahbarlari Ramazon hayiti munosabati bilan samimiy tilaklar bildirdilar.

Mustafa Shentop Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi kurashish borasida koʻrilgan taʼsirchan choralar samarasini alohida taʼkidlab oʻtdi. Turkiya parlamenti rahbari xavfli kasallikning salbiy oqibatlarini kamaytirish, aholiga manzilli yordam koʻrsatish, iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

Tomonlar davlatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlar jadal rivojlanayotganini, bunda, avvalo, ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi iliq munosabatlar katta ahamiyat kasb etganini qayd etdilar. Bu jarayonni yana-da faollashtirishga parlamentlar ham munosib hissa qoʻshishlari lozimligi taʼkidlandi.

Doʻstona va samimiy kechgan suhbat chogʻida tomonlar oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalariga ham toʻxtaldilar.