Xiaomi kompaniyasi 6G tarmog’ining dastlabki sinovlarini boshladi. Bu haqda Xitoyning Sinxua axborot agentligiga bergan intervyusida kompaniyaning asoschisi va bosh direktori Lei Jun ma’lum qildi.

Foto: China Daily

Junning so’zlariga ko’ra, smartfonlar va maishiy texnika ishlab chiqaruvchilari yangi avlod aloqa standartlarini ishlab chiqishga qiziqishmoqda. Tadbirkor o’tkazilgan testlar haqida batafsil ma’lumot bermadi, ammo Xiaomi’da 6G tarmoqlarini o’rganish boshlanganini ta’kidladi. Lei Jun shuningdek, oltinchi avlod aloqa standartini ishlab chiqish keng yo’ldoshli Internet tarmog’isiz amalga oshirib bo’lmasligini ta’kidladi.

5G munozarasi doirasida Xiaomi rahbari koronavirus pandemiyasi butun dunyo bo’ylab ushbu sohaning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatganligini ta’kidladi. Tadbirkorning ta’kidlashicha, kompaniya Xitoy bozorini “himoya qilish” va Xiaomi xalqaro miqyosda kengayishini tashkil qilish maqsadida 5G qo’llab-quvvatlanadigan smartfonlar ishlab chiqarishni davom ettirish niyatida. “5G qurilmalari Xitoy bozorining ehtiyojlarini qondirish uchun mo’ljallangan”, – dedi Jun.

Xitoy kompaniyasining asoschisi 5G’ning joriy etilishi odamlar hayotini sezilarli darajada yaxshilaydi, deb aytdi.