O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ayni vaqtdagi vaziyat haqida ma’lumot berdi.

Foto: Gazeta

– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 3396 nafarni tashkil etmoqda. 27-may kuni 32, jami 2668 nafar, ya’ni 81 foiz bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 714 bemor davolanmoqda, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Hurmatli yurtdoshlar!

Karantin tadbirlari davom etyapti. 46 mingdan ko‘proq fuqaro karantinda bo‘lib turibdi. Koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat jiddiyligicha saqlanib qolmoqda. “Yashil” hududga aylangan Navoiy viloyati hozir “qizil”, kuni kecha esa Buxoro viloyati ham yana “qizil” hududga aylangani, kasallik viloyatga kirib kelgani haqida xabar topdik.

Eng achinarlisi, aholi orasida kasallikka chalinganlar aniqlanyapti. Ularning qayerda, kimdan kasallik yuqtirganini aniqlash imkoni bo‘lmayapti. Bu esa kasallikka chalinganlar, kasallik manbai atrofimizda ekanidan dalolat. Har birimiz ko‘chaga chiqqandan keyin oilamiz bag‘riga sog‘lom qaytib kelish haqida o‘ylashimiz kerak.