Norvegiyaning Budyo shahrida istiqomat qiluvchi er-xotin o‘z uylarini ta’mirlash vaqtida vikinglar davriga taalluqli qabrga duch kelishdi. U ming yil muqaddam dafn etilgani taxmin qilinmoqda. Bu haqda «Bodonu» portali xabar berdi.

Foto: Bodonu

Mariann Kristiansen va uning turmush o‘rtog‘i yotoqxonasini isitish maqsadida polni ochishgan. Pol taxtalari ostidan toshlar uyumidan iborat do‘nglik chiqqan. Uni tekislayotganda bolalar o‘yinchog‘iga o‘xshash g‘ildirak va katta temir boltani topishgan. Er-xotin bu topilma tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishib, Norvegiya Nurland okrugining madaniy merosga javobgar bo‘limi bilan bog‘lanishgan.

Voqea joyiga yetib kelgan mutaxassislar qazilma ishlarini boshlab yuborishgan. Ular uy ostida vikinglar davriga mansub qabr borligini aniqlashdi. Arxeolog Martinus Xauglining fikricha, qabr o‘ninchi asrga taalluqli. Topilgan buyumlar yaxshilab o‘rganish uchun olib ketilgan.