Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 27-may kuni turizm va davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun mamlakatimizda 2965 ta davlat ishtirokidagi korxona mavjud. Ularning aksariyati eski usulda, samarasiz ishlamoqda. Ushbu korxonalarning yarmidan ko‘pi hatto dividend to‘lash imkoniga ega emas.

Yil boshidan beri 299 ta davlat aktivlari 348 milliard so‘mga sotildi.

Xususan, sobiq “Chorsu” mehmonxonasi, “Samarqandkimyo” korxonasi, “O‘zbekiston” mehmonxonasidagi davlat ulushi, Qo‘ng‘irot soda zavodi sotildi. Bu obyektlarga 425 million dollar investitsiya kiritilib, 800 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Kelgusida 1400 ga yaqin davlat aktivlarini xususiy investorlarga berishni tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tarmoq rahbarlari bilan birga unumsiz ishlayotgan 711 ta korxonani tugatish, 262 tasini qayta tashkil etish, shuningdek, 500dan ziyod bozorlarni xususiy sektorga berish bo‘yicha topshiriq berildi.